Yer kurrasining g‘aroyib daraxtlari

Hatto ekzotik joylarga tashrif buyurmagan bo‘lsangiz-da, tabiat insonga kutilmagan sovg‘alar tortiq qilishga qodir ekanini bilsangiz kerak. Quyida aynan shunday narsalar haqida so‘z yuritiladi. Bugungi kunda daraxtlarning 60 mingdan ortiq turlari ma’lum. Ularning orasida non, sut, sovun va hatto kolbasa daraxtlari ham bor. Bu maqolada sayyoramizning turli joylarida o‘sadigan eng g‘aroyib daraxtlar to‘g‘risidagi ko‘plab qiziqarli faktlarni bilib olasiz.

Non daraxti
Eng g‘aroyib daraxtlardan biri — non daraxti. U tropik mamlakatlarda o‘sadi, biroq uning vatani Yangi Gvineya va Okeaniya hududi sanaladi. U haqida bor-yo‘g‘i XVII asrda ingliz dengizchilari sabab bilishgan. Dengizchilar mahalliy aholi g‘aroyib daraxt mevasini non o‘rnida yeyishini hayrat bilan kuzatishgan. Ana o‘shanda matroslar o‘simlikning ko‘chatini olib ketib, o‘z o‘lkalarida ham ekishgan. Biroq bundan yaxshi natija chiqmadi. XVIII asrda uni Yamaykada o‘stirishga muvaffaq bo‘lishdi. Mazkur o‘simlik mevalari qullarni boqishdagi asosiy mahsulotga aylandi.
Non daraxtining poyasi va shoxlari yo‘g‘on. U juda tez o‘sadi va balandligi 25 metrga ham yetishi mumkin. Mevalarining uzunligi 30-35 santimetrga, vazni esa 4-5 kilogrammga teng. Tashqi ko‘rinish jihatidan qovunga o‘xshab ketadi. Non daraxti bir necha oylar davomida suvsizlikka chidashi va Syelsiy bo‘yicha 40 daraja issiq haroratni ham ko‘tarishi mumkin.
Qiziqarli jihati, bu g‘aroyib daraxt yiliga 9 oy davomida meva beradi. Yetmish yil davomida har yili bitta daraxtdan 600-700 ta meva olinadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, non daraxti mevalari kulinariyada ham qo‘llaniladi: u qovuriladi, qaynatiladi, un kabi yanchiladi va xomligicha iste’mol qilinadi. Ta’miga ko‘ra kartoshkani yodga soladi.
Shunga qaramay, ular juda tez ayniydi. Shuning uchun uni qisqa vaqt ichida yeb tugatishga to‘g‘ri keladi. Biroq u quritilsa, ancha uzoq saqlanadi.
Daraxtning qolgan qismlari xo‘jalikda keng qo‘llaniladi: barglari bilan uy hayvonlari boqiladi, urug‘i esa qovuriladi.

Sut daraxti
Bu daraxt — o‘ta g‘aroyib. Uni «brosium» yoki «sigir daraxti» deb ham ataladi. Bugun uni Janubiy va Markaziy Amerikada, shuningdek Osiyo mamlakatlarida ham uchratish mumkin. U ko‘pincha 30 metrgacha o‘sadi. Daraxt nomining o‘ziyoq suyuqlik ishlab chiqarishini anglatadi. Aynan shuning uchun ham mazkur daraxt yetishtiriladi. Boshqa o‘simliklardan farqli ravishda uning suti zaharli emas, aksincha foydali hamda ta’mi yoqimli.
Tashqi jihatdan ushbu suyuqlik oddiy sutni yodga soladi. Biroq u quyuqroq va o‘ziga xos yoqimli hidga ega. Oldindan qaynatib olinsa, hatto jazirama issiqda ham sut bir haftagacha achimaydi. Sut daraxti haqida bilgan ilk yevropaliklar ispan istilochilari edi. Uyga kelib, sog‘ish mumkin bo‘lgan ajoyib daraxt haqida so‘zlab berishgan. Daraxtning tanasi kesiladi, uning tagiga esa idish qo‘yiladi. Bir martada 3-4 litr sut yig‘ish mumkin.
Mahalliy aborigenlar bunday sharbatni biz qo‘y yoki echki sutini ichgandek iste’mol qilishadi. Bundan tashqari, undan sham va saqich ishlab chiqarish uchun mum olish mumkin.

Sham daraxti
Sham daraxti yoki parmentyera yeyish uchun yaroqli. U mevalarining noodatiy shakli sabab shunday ataladi. Tashqi ko‘rinish jihatidan shamga o‘xshashidan tashqari uning tarkibida yaxshi yonish imkonini beradigan yog‘ ham bor. Sham daraxti tropik junglilarda o‘sadi. Odamlar undan tibbiy maqsadlarda foydalanishni o‘rganishgan.

Sovun daraxti
Gʻaroyib daraxt Osiyo va Amerikaning tropik o‘rmonlarida o‘sadi. Bu qiziq o‘simlik, ayniqsa uning mevalarida ko‘plab saponin moddasi bo‘lib, u kir ketkazish xususiyatiga ega. Ilgari hindular ushbu daraxtning po‘stlog‘idan matolarni oqartirish uchun foydalanishgan. Bugun esa sovun daraxti kosmetologiyada keng qo‘llaniladi.
Uning urug‘i o‘ta qattiq, shuning uchun undan tasbeh va turli bezaklar tayyorlanadi. Mevalari sovunli yong‘oqlar deb ataladi, chunki ular bemalol kir yuvish kukuni o‘rnini bosa oladi. U mutlaq gipoallergen, hidi yo‘q, ekologiyaga ham zarar keltirmaydi.

Kolbasa daraxti
Kolbasa daraxti yoki kigeliya Afrika mamlakatlarida o‘sadi. U 10 metrgacha o‘sadi. Unda katta gullar va uzunligi 50-60 sm bo‘lgan kolbasa shaklidagi o‘ziga xos mevalar o‘sadi. Yevropada bu daraxt haqida bir necha asrlar oldin eshitishdi. Qiziqarli jihati, kolbasa daraxti yakka holda o‘sadi, hech qachon ikkita daraxt yonma-yon bo‘lmaydi. Jazirama issiq kunlar kelishi bilan ular bargini to‘kadi, shu yo‘l bilan suv zaxirasini tejaydi. Yomg‘ir mavsumi boshlanganida esa ularning shoxlarida yana barglar paydo bo‘ladi.
Kunduz kuni noodatiy gullar batamom yopiq, kun botishi bilan esa ular ochiladi. Bu gullarning yagona kamchiligi changlantiruvchilarni jalb etish uchun zarur bo‘lgan yoqimsiz hidi. Daraxt mevalarini iste’mol qilishdan avval unga termik ishlov berish kerak. Chunki u juda zaharli. Mahalliy aholi undan alkogol ichimlik tayyorlashni o‘rganishgan.
Mevalar o‘ta mustahkam po‘stloq bilan qoplangan. Urug‘ini olish uchun dastlab mevani quritish, ana undan keyin bolta bilan maydalash kerak bo‘ladi. Afrika aborigenlari kolbasa daraxtini tibbiyotda qo‘llashadi. Uning mevalari bilan yallig‘lanishlar, ilon chaqishi, zaxm (sifilis) davolanadi va turli yaralarni bog‘lash uchun qo‘llaniladi.
Shifokorlar g‘aroyib kigeliya daraxti aslida antibakterial xususiyatga egaligini tasdiqlaydilar. Aynan shuning uchun bugungi kunda turli kosmetika vositalarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Daraxt mevalari uzoq qaynatilganida qizil bo‘yoq olish mumkin. Afrikaliklar u bilan matolarni bo‘yashadi.
Kigeliya poyalaridan kanoelar, shuningdek ayrim musiqa asboblari yasaladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan