Navoiyda yosh kadrlar davlat fuqarolik xizmatiga maqsadli ravishda tayyorlab borilmoqda

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Navoiy viloyatining olis choʼl tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi 2017 yil 25 apreldagi 2925-sonli qarori bilan Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatidagi Oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirib, test sinovlari natijalari boʼyicha 68 va undan yuqori ballga ega boʼlgan, Tomdi tumaning barcha, Konimex va Uchquduq tumanlarining ayrim aholi punktlarida kamida 3 yildan buyon istiqomat qilayotgan abiturientlarni davlat granti asosida oʼqishga qabul qilish belgilangan.

Mazkur qarorga asosan bugungi kunda Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi Oliy taʼlim muassasalariga 2017-2020 oʼquv yillarida 659 nafar yoshlarimiz davlat grantlari asosida oʼqishga qabul qilingan.

Joriy yilda ham 214 nafar yoshlarimiz ana shunday imtiyozlardan samarali foydalanib 12 ta Oliy taʼlim muassasalariga davlat grantlari asosida oʼqishni boshlab yuborishgan.

24 noyabr kuni Navoiy viloyati hokimligi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Navoiy davlat konchilik instituti hamkorligida ana shu yoshlarning davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari bilan davlat fuqarolik xizmatiga oid «Kelajakda kim boʼlasiz» shiori ostida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvda yoshlarga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligining ustuvor vazifalari hamda vatanparvar, masʼuliyatli va yuqori salohiyatga ega qobiliyatli yosh kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga meritokratiya tamoyili asosida qabul qilish toʼgʼrisida tushunchalar berilib, bugungi kunda ushbu 3 ta tumandagi mavjud vakantsiyalar toʼgʼrisida maʼlumotlar berildi.

Ochiq muloqot ruxida boʼlib oʼtgan seminar davomida yoshlarning davlat fuqarolik xizmatiga kirish tartibi hamda ularni kelgusida qaysi ishga joylashishlari yuzasidan qiziqtirgan savollariga mutasaddi rahbarlar tomonidan batafsil javoblar berildi.

Onlayn anjumanda shuningdek, yoshlar bilan ishlash borasida yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish, ayniqsa, mavjud karantin holatidan kelib chiqib, pandemiya sharoitida yoshlar bandligini taʼminlash, ularning tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash, yosh isteʼdodlarni aniqlash va ragʼbatlantirish borasidagi ishlar haqida ham maʼlumot berilib, bu boradagi ishlarni tizimli ravishda davom ettirish lozimligi qayd etildi.



Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan