Filial talabalari “Panamilk” korxonasiga sayohat qilishdi

Filial talabalari “Panamilk” korxonasiga sayohat qilishdi

Bo‘lajak yosh veterinar mutaxassislarning yetuk bilim olishida nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olgan holda, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filialida tahsil olayotgan talabalar amaliy bilimlarini mustahkamlash maqsadida muntazam ravishda chorvachilik fermer xo‘jaliklari hamda ishlab chiqarish korxonalariga o‘qituvchilari bilan birgalikda sayohatlarni amalga oshiradi. Filial talabalarining navbatdagi tashrifi poytaxtimizdagi sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Panamilk” korxonasiga uyushtirildi. Maxsus fan o‘qituvchilari A.Toreshova va A.Urimbetov boshchiligida tashrif buyurgan filialning 3-bosqich talabalarini korxona rahbari Timur Panaev qarshilarkan, shu so‘zlarni ta’kidlab o‘tdi: “Korxonamizda bo‘lajak soha mutaxassislarini ko‘rib turganimdan juda mamnunman. Aynan siz yoshlar kelajak professional kadrlari sifatida tayyorlanmoqdasizlar. Veterinariya sohasi rivojiga hissa qo‘shishingizga umid qilgan holda bajonidil korxona faoliyati bilan tanishtiramiz”. Shundan so‘ng T.Panaev talabalarni sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish korxonasining faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Jumladan, Qorao‘zak tumanida joylashgan “PANAEV FARMS” fermasida parvarish qilinayotgan sigir yelinidan sog‘ib olingan sutlarning korxonaga olib kelinib uni qayta ishlash va tayyor sut mahsulotlarini (qaymoq, qatiq tvorog, suzma yogurt, pishloq) tayyorlash jarayoni haqida batafsil tushuntirib va ko‘rsatib berdi. Shuningdek, fermer xo‘jalikda parvarish qilinib kelayotgan tuya sutidan qatiq (shubat) tayyorlash hamda asalarilardan olinadigan asal mahsulotlarining tayyorlash jarayonini ham ko‘rsatib o‘tdi. Talabalar ish jarayonini katta qiziqish bilan kuzatishdi. Har bir kerakli ma’lumotni yon daftariga muhrladilar. T.Panaev o‘qituvchi va talabalarni tayyor sut mahsulotlar joy olgan dasturxonga taklif etdi va ularni tatib ko‘rib sifati va ta’miga baho berishlarini so‘radi. Tashrif yakunida A.Toreshova korxona rahbari Timur Panaevga alohida minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Ikki tomon kelgusida mana shunday tashriflarni tashkillashtirib turishga o‘zaro kelishib oldilar. Mazkur “Panamilk” korxonasiga uyushtirilgan sayohat talabalarning xotirasida ajoyib tasurootlar bilan muhirlanib qolishi aniq. Ma’lumot uchun, bundan avval filial talabalari Qorao‘zak tumanidagi “PANAEV FARMS” fermasiga tashrifni amalga oshirgan edi.

Filial matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan