1-dekabr – Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘ldi

1-dekabr qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘lishi munosabati bilan joylarda bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filialida ham «Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!» shiori ostida bayram tadbiri tashkillashtirildi. Unga Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, filologiya fanlari nomzodi, «Qoraqalpog‘iston sporti» bosh muharriri Allanazar Abdiev, filial professor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirni o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q.Atanazarov ochib berib, bugungi bayram bilan hammani tabrikladi. Shundan so‘ng, A.Abdiev so‘zga chiqib, filial jamoasini va talabalarni ulug‘ sana munosabati bilan qutlab, samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi. Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi A.Seytkamalov boshqarib borgan mazkur tadbir davomida qoraqalpoq tilining boy tarixi va rivojlanish bosqichlari, shuningdek, ona tilimizni har tomonlama rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi o‘rni haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, filial talabalari tomonidan shoirlarning ona tilimizga bag‘ishlab yozgan she’rlarining o‘qilishi hamda Zooinjeneriya:Baliqchilik yo‘nalishi 2-bosqich talabasi A.Dosekeeva dutor bilan milliy qo‘shiqni maromiga yetkazib ijro etilganligi tadbir ishtirokchilarini juda hayojonlantirib, kechaga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. «Til yashasa, millat yashaydi», deyilganidek, yoshlar qalbida ona tilimizga bo‘lgan hurmatni shakllantirishda mana shunday tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.



Filial matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan