Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutda “Ochiq eshiklar kuni” bo‘ldi

Bugun Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutda “Ochiq eshiklar kuni” bo‘ldi. Unda Koson tumanidagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari tashrif buyurishdi. Dastavval, o‘quvchilar faollar zalida kutib olindi. Mezbon sifatida ishtirok etgan rektor O.Bazarov, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor A.Xayriddinov, “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi mudiri, professor Yu.Ergasheva, Iqtisod fanlari doktori, professor R.Ergashev so‘zga chiqib, institut faoliyati, tarixi, ta’lim yo‘nalishlari, talabalar haqida atroflicha gapirib berdilar. Iqtidorli talabalar Q.Ne’matov va O.Samidjonova talabalik davri, institutdagi ta’lim jarayonlari, ustozlari haqidagi o‘z kechinmalarini o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashishdi.
Mazkur maktab tuman markazidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan va unda 690 nafar o‘quvchi tahsil oladi. O‘quvchilarga 35 nafar oliy, 10 nafar o‘rta maxsus ma’lumotga ega o‘qituvchilar ta’lim va tarbiya berishadi. Maktab direktori A.Bekmurodovning ta’kidlashicha, 2019-2020 o‘quv yilida maktabning 11-sinfini 50 nafar o‘quvchi tamomlagan va ularning oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi atigi 2 foizni tashkil etadi.
– Bugun bejizga to‘planmadik, bejizga bu uchrashuvni tashkil qilmadik, – deydi rektor O.Bazarov. – Maqsadimiz, Siz o‘quvchilarga yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini yanada teranroq ko‘rsatmoqchimiz, birgina institutimizda yaratilgan sharoitlarni ko‘rsatish, ular bilan tanishtirish barobarida Sizni ruhlantirmoqchimiz. Zero, ertaga Siz ham bizning talabamiz bo‘lishingiz va tahsilni tugallab Vatanimiz koriga yaraydigan kadr, rahbar xodim bo‘lishingiz mumkin.
Shundan so‘ng, o‘quvchilar “Fizika” va “Umumiy kimyo” kafedralari labaratoriyalari, institut Axborot texnologiyalari hamda Axborot resurs markazlari va sport majmuasida bo‘lishdi. Institut oshxonasida tayyorlangan tushlik dasturxonidan keyingi tashriflar Qarshi shahridagi “IT-technopark” va “Vatanparvar” bog‘iga bo‘ldi. Bugungi kun o‘quvchilar uchun taassurotlarga boy bo‘ldi va bunday uchrashuvlar hali davom etishi borasida kelishib olindi.










QarMII axborot xizmati.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan