Manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda TIQXMMI Buxoro filialida “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz” mavzusidagi tadbir o’tkazildi

Joriy yilning 2-dekabr sanasida filialning Madaniyat saroyida OITS kasalligiga qarshi kurashish va uni oldini olishning samarali chora- tadbirlari 3-dekabr –Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni munosabati bilan manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda “Biz sog’lom turmush tarafdorimiz” mavzusidagi tadbir o’tkazildi.
Tadbirni Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti dekani I.Hasanov kirish so‘zi bilan ochdi va tadbir ishtirokchilarini taklif etilgan mehmonlar bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng so‘zni, Buxoro viloyat IIB JKB xodimi Sh.U.Ostonovga berdi.
Sh.U.Ostonov o‘z so‘zida, bugungi kunda dunyo davlatlarini tashvishga solayotgan OIV/OITS infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat noxushligicha qolayotganligi, OIV kasalligi kelib chiqish tarixi, dunyoda, respublikamizda, viloyatimizdagi vaziyat, yuqish yo‘llari, profilaktik chora- tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. OIV bilan zaharlanganlarning 65-70 foizi 20-45 yoshdagi aholiga tegishli ekanligini va bu aholi qatlami mehnatga layoqatli, jamiyatga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan qatlami – yoshlar orasida, ayniqsa migrantlar hisoblanayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bu kasallik asosan aholining mehnatga qobiliyatli qismini zararlashi, kasallikka chalinganlarni ijtimoiy himoya qilish majburiyati va unga ketadigan sarf – xarajatlarning ko‘pligi, shuningdek, mamlakatning demografik holatiga ta’sir qilishi orqali iqtisodiy taraqqiyotga xavf tug‘dirsa, boshqa tomondan ushbu kasallikka chalinganlarning kamsitilishiga uchrashi mumkinligi hamda aholining sog‘lom bexavotir turmush kechirishiga xavf tug‘dirishi orqali milliy taraqqiyot va barqarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini aytib o‘tdi.
Ushbu ma’ruzadan keyingiz so‘z Buxoro viloyat OITSga qarshi kurash markazi mutaxassisi F.T.Umarovaga berildi. Ma’ruzachi o‘z so‘zida hozirgi kunda yoshlarga turli ijtimoiy tarmoqlar, mobil dasturlari va turli vositalardan axborot hurujlari orqali ta’sir qilishga urinishlar ko‘p bo‘layotganini ta’kidlab, bu esa bizni doim ogoh bo‘lishimiz zarurligini anglatadi deya o‘z ma’ruzasiga yakun yasadi.
Tadbir davomida OITSning salbiy oqibatlarini namoyish etuvchi hujjatli filmi namoyish etildi.
11-oilaviy poliklinika shifokori Z.Karimova so‘zga chiqib, 3- dekabr Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni ekanligini, nogironlar ham jamiyatimizning bir ajralmas qismi ekanligini, nogironlarga Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng “Etikdo‘z Larisa” haqidagi videofilm namoyish etildi. Shu bilan birgalikda filialimizning “Nihol” talabalar teatr studiyasi tomonidan “Biz sog’lom turmush tarafdorimiz” mavzusidagi teatr namoyishi talabalar va ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.
Tadbir so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, mutaxassislar tomonidan ijobiy javoblar oldilar.
Yoshlar bilan ishlash,ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i G.Isoqova tadbirni yakunlar ekan, yoshlarni bu kabi g‘ayri insoniy yo‘lga kirib ketishlarining oldini olish, uning oqibatida yuzaga kelayotgan ayanchli oqibatlar haqida talaba-yoshlar o‘rtasida mana shunday yig‘ilishlar va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish bu illatlarning oldini olishga katta yordam berishi shubhasiz ekanligi haqida gapirib mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratildi.







TIQXMMI Buxoro filiali Matbuot kotibi Jasur Ro’ziqulov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan