“Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasi” qabul qilingan kun munosabati bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filialida 10 dekabr “Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasi” qabul qilingan kun munosabati hamda “Korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi. Unga filial direktori A.Esimbetov, Qoraqalpoq davlat universiteti yuridika fakulteti o‘qituvchisi Sh.Babanov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i E.Seytmuratov, filial professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuvni filial direktori Adilbay Esimbetov ochib berdi va olib bordi. U o‘z so‘zida inson qadri va huquqlari, ularning erkinliklarini himoya qilish borasida, bugungi kunda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil aytib o‘tdi. Shuningdek, A.Esimbetov filialning 1-bosqich talabalariga ichki tartib-intizom, ularning talaba sifatidagi mas’uliyatlari hamda filialdagi ta’lim jarayoni singari muhim masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng Sh.Babanov 30 moddadan iborat Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasining mazmuni va mohiyatini tushuntirib berdi. E.Seytmuratov esa qo‘shimcha tarzda mavzuga oid kerakli ma’lumotlarni keltirib o‘tdi. Filial talabalari mazkur uchrashuv davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Ma’lumot uchun, BMT Deklaratsiya qabul qilingani munosabati bilan 1950 yili 10 dekabr sanasini Inson huquqlari nishonlanadigan kun sifatida belgilagan.

Filial matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan