Navoiy davlat pedagogika instituti davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish maqsadida 2 kunlik oʻquv seminari tashkil etildi.

Rahbar kadrlarning davlat tilini talab darajasida bilishi va unga hurmat bilan munosabatda boʻlishi -muhim vazifa
Muhtaram yurtboshimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash, Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish, oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilashda muhim qadam boʻldi.

Farmonning davlat fuqarolik xizmatida ahamiyatli tomoni shundaki 2021-yil 1-apreldan boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etiladigan boʻldi.

Farmon bilan tasdiqlangan 2020 – 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida davlat organlari va tashkilotlari rahbar xodimlariga davlat tilini talab darajasida bilish va unga hurmat bilan munosabatda boʻlish, shuningdek barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish salohiyatiga ega boʻlgan malakali kadrlar faoliyat koʻrsatishini taʼminlash bilan bogʻliq bir qator vazifalar belgilangan.

Bugun hayotimizdan tobora chuqur oʻrin olayotgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida ish yuritilayotgan bir paytda bu davr talabi zamon talabi hisoblanib, aholi muammolari bilan ishlashda, xalq bilan muloqot qilishda davlat tilini bilish muhim ahamiyatga ega.

Yaqin tariximizga nazar soladigan boʻlsak, bundan 31 yil avval “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan edi. Oʻtgan yillar davomida bu qonunga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Joriy yilda “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida” Qonun qabul qilinib, unga koʻra, ushbu bayram har yili 21-oktyabrda, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan tarixiy kunda nishonlanadigan boʻldi.

Joriy yilning 17-18-dekabr kunlari Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazining Navoiy viloyat hududiy boʻlinmasi bilan hamkorlikda “Rahbar kadrlarning davlat tilini talab darajasida bilishi va unga hurmat bilan munosabatda boʻlishi – muhim vazifa” mavzusida 2 kunlik oʻquv seminari tashkil etildi.

Mazkur oʻquv seminar Davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish maqsadida tashkil etilib, unda Davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar boʻlinmalari rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilari ishtirok etishdi.
Albatta, oʻzbek tilining oʻz kuni, oʻz bayramiga ega boʻlishi davlatchiligimiz tarixida muhim hodisa boʻldi.

Xalqaro tajribaga nazar soladigan boʻlsak, turli davlatlarda, masalan Xitoy 20-aprel, ispaniyada 23-aprel, Rossiyada 6-iyun, Ozarbayjonda 1-avgust, Turkiyada 26-sentyabr, Italiyada 9-dekabr, Arabistonda 18-dekabr sanasi davlat tili kuni sifatida nishonlanadi.

Toʻgʻri, dunyoda tillar koʻp, ayrim manbaalarda taʼkidlanishicha, jahon xalqlari 7000 ga yaqin tilda muloqot qilishadi.

Davlat tilining jadal joriy qilinishidagi oʻzak masalalardan biri mamlakatimizda ish yuritish tizimini toʻlaqonli oʻzbek tiliga oʻtkazishdan iborat. Bunda ish yuritish boʻyicha turli, hatto aniq sohalar boʻyicha qoʻllanmalar yaratish va koʻp nusxalarda nashr qilish ham alohida amaliy ahamiyat kasb etadi. Aytish lozimki, yaqin oʻtmishimizda barmoq bilan sanarli miqdordagi hujjatlar oʻzbek tilida yozilgan. Ammo bu hujjatlarning tilini sof oʻzbekcha deb aytish ancha qiyin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4472-son qaroriga koʻra, filial zimmasiga davlat fuqarolik xizmati sohasidagi kadrlarni tayyorlash, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini muntazam oshirib borish, yangi kompetensiyalarni oʻrgatish vazifalari belgilab berilgan.







Navoiy davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan