Odil Ahmedov Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻz futbol akademiyasini ochdi

Bugun mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholi, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkil etish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yana-da rivojlantirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtimiz sportchilarining Osiyo va Olimpiya oʻyinlari, qitʼa va jahon chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani, dunyoda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtibori va sport salohiyati yana-da oshayotgani, respublikamiz hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, talaba-yoshlar oʻrtasida “Universiada” sport oʻyinlari ommalashib borayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.

2020-yil 30-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolangan edi. Mazkur hujjatga asosan, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilab berildi.

Mamlakat rahbarining Farmoniga labbay deya javob bergan Oʻzbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan endilikda futbol muxlislari tilida «Oʻzbek Maradonasi» nomini olgan Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovning futbol akademiyasi oʻz faoliyatini boshlaydi.

Eslatib oʻtamiz, ikki yil oldin Ahmedov oʻzi tugʻilib oʻsgan Namanganda futbol akademiyasi ochgan edi.

Bugun universitet hayotida boshlanayotgan yangi tarixiy qadamni tashlash va unga rasmiy maqom berish maqsadida Oʻzbekiston Milliy universitetiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyatining mudiri Bahodirjon Onorboyev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari Yusuf Absoatov, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Azizbek Haydarovlar tashrif buyurishdi.

Tadbir bayramona tus oldi. Mehmonlarni universitetning turli fakultetlarida tahsil olayotgan talabalar: sport turlari boʻyicha 11 nafar jahon chempionlari, 100ga yaqin Osiyo va xalqaro musobaqalar gʻoliblari kutib olishdi.

Chinakam sport bayramiga aylanib ketgan tadbir “Sportchi va yoshlar” ochiq muloqoti ham qizgʻin bahs-munozara, taklif va mulohazalarga boy boʻldi.

Anglashuv memorandumi oldidan soʻzga chiqqan sportchi – «Men uchun akademiyani sifatli rivojlantirish juda muhim. Kelajakda Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida universitetimiz tarbiyalanuvchilari boʻlishini istayman. Bu har qanday puldan ham qimmat turadi. Asosiysi, biz qobiliyatli oʻyinchilarga diqqatni qaratmoqchimiz. Bilasizmi, yosh futbolchilar uchun asosiysi – bu bor kuch-gʻayratini ayamaydigan ustoz. Afsuski, hozir bunday ustozlar kam. Bugungi kunda koʻplab trenerlar bolalarga toʻp berib qoʻyib, shu bilan pul ishlamoqda. Shuning uchun ham biz akademiyaga tajribali chet ellik mutaxassislarni taklif qilmoqchimiz. Chet ellik mutaxassislar oʻz tajribalarini yoshlar bilan baham koʻrishadi. Bundan tashqari, bizning ham yosh mutaxassislarimiz boshqa mamlakatlarga borib tajriba orttirishlari mumkin. Menimcha, shunday yoʻl bilan kerakli natijaga erishish mumkin, — deydi Odil Ahmedov.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan