O‘zbekistonda Finlyandiya bilan hamkorlikda “1+3″ shakldagi ta’lim tizimi joriy etiladi

Barchamizga Finlyandiya ta’lim tizimi mukammalligi bilan juda yaxshi tanilib ulgurgan. Shu xususda O‘zbekistonda ham Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi, Finest Future kompaniyasi bilan hamkorlikda axborot-kommunikasiya va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarga start berildi. Ushbu loyihalarga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ilk marta hamkor universitet sifatida ishtirok etadi.

Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda “Axborot texnologiyalar va tadbirkorlik” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov boshchiligida bir qator O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalari vakillari, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati bilan bir qatorda Turku amaliy fanlar universiteti rektori Vesa Taatila janoblari hamda Yevropaning yirik innovator tadbirkorlari, nufuzli mehmonlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov ushbu qo‘shma loyiha nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham mashhur bo‘lishiga va O‘zbekiston-Finlyandiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yanada rivojlanishiga ishonishini ta’kidlab, tadbirga yig‘ilganlarning barini loyiha ochilishi bilan tabrikladi.

“Prezidentimiz oliy ta’lim tizimini rivojlantirishda Finlyandiya tizimini o‘rganish va uning yaxshi tomonlarini o‘quv jarayoniga joriy qilish borasida qator topshiriqlar bergan edi. Mana shu topshiriqlarning amaliy tasdig‘i sifatida bugun Finlyandiyaning Turku amaliy universiteti bilan qo‘shma dasturga imzo chekdik”, deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

“Ta’lim sxemasi bo‘yicha o‘quv jarayonining bir yili O‘zbekistonda, uch yil i esa Finlyandiyada tashkil qilinadi. Talabalarimiz o‘qish jarayonining o‘zida amaliyotda qatnashishadi, o‘qish jarayonining o‘zida tadbirkorlik faoliyatini olib borishadi. Yoshlarimiz o‘qish jarayonlarini tugatgach esa ularda 1-2 yil davomida o‘zining biznesini tashkil qilish, nafaqat o‘zini, balki o‘zbekistonlik yoshlarni ham ish bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi”, deydi universitet rektori.

Tadbirda aytilishicha, bu yil qo‘shma dastur bo‘yicha 50 nafar talaba qabul qilinadi. Yiliga ikki marta qabul tashkil qilinadi.

Rektorning so‘zlariga ko‘ra, qabul jarayonlarida yoshlardan ingliz tilini bilishlari talab qilinadi. Birlamchi bosqichda o‘quv jarayoni uchun to‘lov shakli kontrakt asosida amalga oshiriladi. Finlyandiyada ta’lim olgan talabalar o‘sha yerdagi AKT kompaniyalari va startaplarida amaliyot o‘tashadi va ishga qabul qilinadi. Shuningdek, talabalar uchun grantlar ham tashkil qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Nargiza Utepova tayyorladi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan