Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti: Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasiga munosabat

Joriy yilning 5-yanvar kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini o‘rganish va keng ommaga targ‘ib qilishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor tadbir qatnashchilarini kirib kelgan yangi yil bilan tabriklab, ushbu yil har birimiz uchun omadli bo‘lishiga tilak bildirdi. U o‘z so‘zini kun tartibidagi masala yuzasidan davom ettirib, o‘tgan 2020-yil barchamiz uchun murakkab va sinovli yil bo‘lganini, Prezidentimiz murojaatnomalarida qayd etganlaridek, ushbu sinovlarni xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tayotganimizni qayd etdi. Yurtimizda og‘ir vaziyat bo‘lishiga qaramay bir qator samarali ishlar qilishga erishildi. Xususan, xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshlarimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar ko‘rsatildi. Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi va ilk bor 18 kilometrlik yer usti metrosi foydalanishga topshirildi. Tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berildi. Tadbirkorlik subyektlariga 100 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p kreditlar ajratildi. Yuqoridagilarni inobatga olib, 2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi deyish mumkin.
Shundan so‘ng Ijtimoiy fanlar kafedrasining professori Masharipova Gularam “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi”ni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. U global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish murojaatnomada asosiy vazifa sifatida e’tirof etilgani ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etgan Prezidentimiz yordamga muhtoj ayollarga sharoit va imkoniyatlar yaratib berishga alohida ahamiyat qaratdilar. Biz barchamiz “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsad atrofida birlashib, mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilib, o‘z orzu-maqsadlarimizga erishishimizga yurtboshimiz ishonch bildirdilar. Masharipova o‘z ma’ruzasini yakunida tadbir ishtirokchilarini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” bilan muborakbod etib, barchaga yangi yilda sihat-salomatlik tiladi.




Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan