Murojaatnomaga munosabat: Buyuk maqsadlar yoʼlidagi yangi qadamlar

Buyuk maqsadlar yoʼlidagi yangi qadamlar.

Kuni kecha 2020-yilni kuzatib yangi yilga qadam tashladik. Аnʼanaga koʼra yil davomida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 29-dekabr kuni parlamentga murojaatida 2021-yilni “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholining sogʼligʼini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi. Ushbu taklif jamoatchilik tomonidan qoʼllab-quvvatlandi.

Prezidentimiz: “Biz oʼz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʼ maqsadni qoʼygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʼbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʼlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʼoyamizning asosiy ustunlari boʼlib xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yoʼlida yoshlarimiz oʼz oldiga katta marralarni qoʼyib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama koʼmak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa boʼlishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʼyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi»,- deb biz yoshlarga juda katta ishonch bildildirdi.

Murojaatnomada oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi. Keyingi yildan boshlab oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi, oliy oʼquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni 2 barobarga koʼpaytirilib, 2 mingtaga yetkazilishi, aʼlo baholarga oʼqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi kabilar yoshlarning ilm olishini kengaytirishi, ayniqsa, kelgusi yilda “El-yurt umidi” jamgʼarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy oʼquv yurtlarining magistratura va doktoranturasida oʼqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilishi, ushbu dastur orqali ilk bor bakalavr yoʼnalishida chet ellarga 100 nafar yoshlarning yuborilishi haqidagi yangiliklar har qanday yoshlarni toʼlqinlantirib yuborishi tabiiydir.

Ushbu murojaatdan soʼng “Kelajak bilimli va maʼrifatli yoshlarning qoʼlida” ekanligini anglab yetgan tengdoshlarimiz oʼzlari uchun imkoniyatlar eshiklari naqadar keng ochilayotganligini yana bir bor his qilishdi. Murojaatda kelgusi yili barcha viloyatlarda qishloq xoʼjaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda “yagona darcha” tamoyili asosida 100 dan ortiq agroxizmatlar koʼrsatish yoʼlga qoʼyilishi, bu markazlar orqali yerning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urugʼliklarni tanlash bilan bogʼliq muhim xizmatlar koʼrsatilishi, qishloq xoʼjaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablagʼlari jalb qilinishi haqidagi takliflar biz, Toshkent davlat agrar universiteti yoshlari, uchun juda muhim yangilik boʼldi.

Mamlakatimizda qishloq xoʼjaligi sohasini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga boʼlgan ehtiyojini toʼlaqonli taʼminlash bilan birga tadbirkorlarga, fermer va dehqon xoʼjaliklariga yanada keng imkoniyatlar yaratadi va pirovord natijada xalqimiz farovonligi yanada ortadi. Bu jarayonda faol ishtirok etish universitetimiz yoshlariga gʼurur va iftixor tuygʼusini baxsh etadi, deb oʼylayman. Bugun biz amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini, bu islohotlarning barchasi buyuk kelajagimiz yoʼlidagi yana yangi qadamlar ekanligini chuqur anglab yetmogʼimiz hamda yaratilayotgan imkoniyatlardan oʼz oʼrnida va unumli foydalanib mamlakatimizning yorqin kelajagi uchun xizmat qilishga shay turmogʼimiz lozim.






Toshkent davlat agrar  universiteti yoshlar yetakchisi
Miraziz Mirsultonov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan