Ona tilim − jon-u dilim yoxud “Til bilimdoni” tanlovidan olgan taassurotlarim

Barchamizga maʼlumki, ona tili bu har bir millatning shaʼni, gʻururi, faxr-iftixori hisoblanadi. Ona tili insonlarni birlashtiradi, birdamlikka chorlaydi. Shu bilan bir qatorda, tilning asosiy vazifalaridan biri inson maʼnaviyatini rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi. Shunday ekan, har bir fuqaro oʻz ona tilida erkin muloqot olib borishi bilan birga bu tilning imlo qoidalarini puxta oʻrganishi va bexato yozishi kerak. Shuning uchun ham 1995-yil 24-avgustda “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori qabul qilingan. Har bir fuqaro ushbu qoidalarni yaxshilab oʻrganib, amalda qoʻllasagina, oʻzbek tiliga nisbatan hurmatimiz yanada oshadi, tilimiz rivojiga oʻzining hissasini qoʻshgan boʻladi.

Millatning maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim omillardan yana biri bu adabiyotdir. Adabiyot bu − soʻz sanʼati. Adabiyot taqdiri yurt va millat taqdiri bilan uzviy bogʻliq. Millat ruhi butun murakkabligi va ziddiyatlari bilan avvalo adabiyotda aks etmogʻi lozim. Millatning qalb dardlariga ham dastlab adabiyot malham topadi. Chunki xalqning yashash zavqi susaysa, gʻayrati susayadi. Maʼnaviy-ruhiy gʻayrat pasaysa, fikr va tashabbus toʻxtaydi. Bunga birinchi navbatda adabiyot masʼul. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor aytganidek, “Adabiyot atomdan kuchli…” Agar uning kuchi “oʻtin yorish”ga sarf qilinmasa, adabiyot pokiza va muqaddas ish boʻlib qolsa, hech shak-shubha yoʻqki, badiiy soʻzning kuch-quvvati ortib boradi.

Shu munosabat bilan 2020-yil dekabr oyida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Til bilimdoni” tanlovi oʻtkazildi. Tanlov 2 bosqichda oʻtkazilgan boʻlib, 1-bosqichda ishtirokchilar 4 ta muqobil tanlovdan iborat boʻlgan savollarini yuborishlari kerak boʻldi. Bu bosqichda savollari eng koʻp ishlangan 50 ta ishtirokchi 2-bosqichga oʻtkazildi. Ushbu bosqichda esa oʻzbek tilining imlo qoidalari, Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” hamda Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarlari boʻyicha 36 ta test va 23 ta savollar berildi. 2-bosqichda eng yuqori ball jamgʻargan 10 nafar gʻoliblar I, II, III darajali diplomlar, final bosqichidagi «Faol ishtiroki uchun» sertifikatlar va eng sara asarlar toʻplami, badiiy kitoblar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari 2-bosqichga oʻta olmagan, lekin oʻz bilimini sinab koʻrish istagida ixtiyoriy final bosqichida ishtirok etib, kuchli oʻntalikni egallagan qatnashchilar ham Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan «Faol ishtiroki uchun» sertifikat bilan taqdirlandilar.

Bu tanlov haqida eshitgan zahotim menda unda ishtirok etish istagi tugʻildi va savol tuzib 1-bosqichda ishtirok etdim. Test savollari eng koʻp ishlangan 50 ta ishtirokchidan biri sifatida 2-bosqichga oʻtdim. 2-bosqichga tayyorgarlik jarayonida oʻzbek tilining imlo qoidalarini puxta oʻrgandim va avvaldan topshiriq qilib berilgan badiiy adabiyotlarni oʻqib chiqdim. Shu asnoda final bosqichida 80 ball toʻplab, faxrli 1‑oʻrinni qoʻlga kiritdim.

2021‑yil 13-yanvar kuni Talabalar media-ijtimoiy va madaniyat markazida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi, shoir Shuhrat Orif bilan oʻtkazilgan “Maʼnaviyat mashʼali” loyihasidagi uchrashuvda “Til bilimdoni” tanlovi gʻoliblari ham taqdirlandilar. Shu jumladan, menga Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Tanlangan asarlar” kitobi hamda 1-darajali diplom berildi.

Oʻz ona tilini sevadigan, millat maʼnaviyatini yuksaltirishda oʻzining oz boʻlsa-da hissasini qoʻshmoqchi boʻlgan har bir yurtdoshimga bu kabi tanlovlarda faol ishtirok etishni, oʻzbek tili imlo qoidalariga rioya etishni, muntazam kitob mutolaa qilishni tavsiya qilaman.

Bu yoʻlda tinim bilmay mehnat qilib, tanlovni halol, adolatli va shaffof oʻtishini taʼminlab bergan tanlov tashkilotchilari Izzatxoʻja Asomiddinov va Shahzoda Sayfullayevalarga oʻz minnatdorligimni izhor etmoqchiman hamda bu kabi tanlovlarni davomli oʻtkazishlarini tilab qolaman.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1-bosqich talabasi
Abduxalilov Abdulaziz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan