Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuxrat Jabborov talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuxrat Jabborov Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filialiga tashrif buyurib, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvga qo‘mita boshqarma boshlig‘i M.Yusupov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Q.Pirnazarov ishtirok etishdi. Filial direktori A.Esimbetov tadbirni ochib berib, tashrif buyurgan mehmonlarni ishtirokchilarga tanishtirib o‘tdi. Shundan so‘ng Sh.Jabborov filialning bugungi kundagi faoliyati, bo‘lajak mutaxassislarning ta’lim olish jarayoni hamda sohadagi yangiliklar borasida batafsil so‘z yuritdi. Qo‘mita tomonidan filialda viloyat va olis tumanlardan kelib tahsil olayotgan talabalar uchun kelgusida talabalar turar joyini qurib berish rejalashtirilayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Ma’lumki, nazariy bilimlarni amaliy tajribalar yanada mustahkamlab boradi. Ayniqsa mazkur sohada amaliyot muhim ahamiyat kasb etadi. Uchrashuv davomida bu masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Filial talabalari uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishda “Panamilk” sut maxsulotlarini qayta ishlovchi korxonasi bilan hamkorlikda ish olib borish hamda baliqchilik klasterlarida amaliyot o‘tash borasida Sh.Jabborov tomonidan aniq takliflar bildirildi. Shuningdek, tashrif buyurgan mehmonlar M.Yusupov hamda Q.Pirnazarovlar hozirgi kunda sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohatlar, yangilanishlar hamda kelgusida rejalashtirilayotgan muhim vazifalar haqida aytib o‘tdilar.
Samimiy suhbat chog‘ida filial talabalari erkin tarzda o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Raisning birinchi o‘rinbosari qo‘mita har doyim filial bilan hamkorlik qilishga hamda yosh mutaxassislar sifatli ta’lim olishi uchun amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Mazkur uchrashuv davomida talabalar soha bo‘yicha muhim ma’lumotlarga hamda yaxshi taassurotlarga ega bo‘lishdi.

Filial matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan