Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyatida

Joriy yilning 19-20-21 yanvar kunlari Ta’lim inspeksiyasi ishchi guruhi ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini joyiga chiqqan holda o‘rganish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

O‘rganish davomida bugun, 20-yanvar kuni Navoiy davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan yig‘ilishda talabalar-yoshlar bilan muloqot tashkil etildi.

OTM professor-o‘qituvchilari uchun attestasiya jarayonlari qayd etayotgan natijalari bu boradagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Uchrashuvda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash (PIRLS), o‘quvchilarning matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash (TIMSS), o‘quvchilarning savodxonligini baholash (PISA) xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rishda qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarining o‘rni va vazifalari xususida so‘z yuritildi.







Uchrashuvning ikkinchi qismida 200 nafar talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Muloqotda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Tashkenbayev, TSNQI boshlig‘i o‘rinbosari O.Qo‘ysinov, Navoiy davlat pedagogika instituti rektori B.Sobirov, Navoiy davlat konchilik instituti prorektori B.Mardonov, Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov hamda mutasaddi rahbarlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda iqtidorli talabalar bilan tizimli ish olib borish, ularning istidodlarini namoyon qilishda sharoit yaratish, ochiq muloqotlar tashkil etish, ilmiy maqola, tezis yozish va Respublika hamda xalqaro jurnallarda chop etish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida sport o‘yinlarini tashkil etish, turli mavzularda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi.

Koronavirus pandemiyasi davrida talaba-yoshlar xalq dardiga darmon bo‘lgani, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida ko‘ngilli sifatida qatnashib, qiynalgan oilalarga amaliy yordam berilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ochiq muloqot tarzda o‘tkazilgan uchrashuv davomida, talabalar tomonidan ham bir qator takliflar berildi.



Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan