Toshkent tibbiyot akademiyasi epidemiologiya bo’yicha o’quv dasturiga start berdi.

Bugun AQShning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) bilan hamkorlikda Toshkent tibbiyot akademiyasida Amaliy epidemiologiyaga bag’ishlangan xalqaro o’quv kursi boshlandi. Aholining sog’lig’i va hayoti har bir mamlakatning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, xavfsizligi, tibbiyot xodimlarining kasbiy mahorati va ularning tayyorgarlik darajasiga bog’liq. Mamlakatimizda epidemiologlar tayyorlash sifatini oshirish, epidemiologik tekshiruvlarni o’tkazish bo’yicha xalqaro standartlarning eng ilg’or usullarini o’rgatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasida zamonaviy malaka oshirish kursiga start berildi. Bugundan boshlab epidemiologlar uchun uch oylik xalqaro o’quv dasturi, ya’ni 2021 yil yanvar-aprel oylarida CDCning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda o’tkaziladi.
Ushbu dastur bo’yicha birinchi navbatda Toshkent shahri va barcha viloyatlardan jami 20 nafar epidemiologlar tayyorlanadi. Bu esa ularga yaqin kelajakda xalqaro miqiyosda tan olingan zamonaviy epidemiologiyaning ilmiy asoslangan usullaridan foydalanish imkonini beradi. O’quv dasturning ochilishi munosabati bilan o’tkazilgan vebinarda Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Alisher Shadmanov, Sog’liqni saqlash vazirligi mutaxassislari, O’zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari, AQSH elchixonasi ishlarini yurgazish bo’yicha vakili Alan Mel`tser shuningdek, CDCning Markaziy Osiyo bo’yicha vakolatxonasi direktori Daniel Singerlar o’zaro fikr almashdilar. Toshkent tibbiyot akademiyasida amaliy epidemiologiya bo’yicha xalqaro o’quv dasturining boshlanishini mamlakatimiz epidemiologlari uchun yangi tayyorgarlik darajasi qolaversa, aholi sog’lig’ini saqlash, kasalliklarning oldini olish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasidagi barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishdagi yana bir dolzarb qadam deyish mumkin.

Ma’lumot uchun: CDC – AQShning Sog’liqni saqlash agentligi sifatida 1946 yilda tashkil etilib, o’sha davrda sanitariya-epidemiologiya xizmati vazifasini bajargan. CDC AQSH aholisi orasida emlash dasturiga asos solgan. Dunyo miqiyosida sog’liqni saqlashni amalga oshirishdagi chora – tadbirlarni takomillashtiradi. CDCning bugungi kundagi vazifasi vazifasi amaliy, tibbiy va ilmiy ma’lumot berish orqali sog’liqni saqlash tizimini takomillashtirishdan iborat. CDC Qo’shma Shtatlarning turli xil kasalliklar tarqalishiga, shu jumladan yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda muhim rol o’ynaydi. Shuningdek, CDC AQShning barcha sog’liqni saqlash muassasalari va yetakchi universitetlarining tibbiyot maktablarida ilmiy tadqiqotlar olib borib, yangi loyiha va umuminsoniy dasturlarni tashkil etish va o’tkazishni qo’llab-quvvatlab kelmoqda.

TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASI MATBUOT XIZMATI

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan