M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida psixologlar uchun seminar-trening

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ayrim davlat xizmatchilarining nojuya xatti-harakatlari, nutq madaniyatidagi kamchiliklar, shuningdek aholi bilan muloqotga kirishishga tayyor emasliklari, stressga bardoshlilik darajasi yetarlicha shakllanmaganligi kuzatilmoqda.

Davlat organ va tashkilotlarida ushbu holatlarni chuqur o‘rganish hamda mazkur organlarning barcha bo‘g‘inlarida psixolog mutaxassislarni jalb qilish va nuqsonlarni to‘g‘rilash mexanizmini joriy qilish maqsadida, Agentlik tomonidan psixolog-trenerlar guruhlari shakllantirilmoqda.

Psixolog-trenerlarning ilk guruhi uchun 25-30 yanvar kunlari M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Ularga maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida filial professor o‘qituvchilari psixologiya yo‘nalishida mashg‘ulotlar va treninglar olib bordilar. Ayrim mashg‘ulotlar M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professor o‘qituvchilari tomonidan onlayn formatda tashkil etildi.

Kuni kecha respublikamizning turli hududlaridan kelib o‘z malakasini oshirgan 29 ta amaliyotchi psixologlarga 48 soatlik maxsus kursni o‘taganliklari to‘g‘risidagi Moskva davlat universitetining sertifikatlari topshirildi.

Malaka oshirish kurslari, psixologik treninglarni tashkil qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, barcha hududlardagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga psixolog mutaxassislarni jalb qilish va davlat xizmatchilariga ko‘maklashish mexanizmi joriy qilish, hududdagi davlat organi va tashkilotlarining tarkibiy bo‘linmalarida ijtimoiy-psixologik holatini o‘rganish va yaxshilash, shuningdek davlat xizmatchilarining axloqiy-psixologik holatini aniqlash va yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borish hamda xududdagi aholi o‘rtasida mavjud holatini o‘rganib uni yaxshilash, inqirozli vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Seminar treninglarda ishtirok etgan amaliyotchi psixologlar endilikda o‘z hududlariga borib, xuddi shunday psixolog-trenerlar guruhlarini shakllantiradilar va mazkur malaka oshirish kurslarida olgan bilim, malaka va ko‘nikmalarini ular bilan birgalikda hayotga tadbiq etishadi.

M.V.Lomonosov nomidagi Moskva
davlat universitetining Toshkent shahridagi
filiali matbuot kotibi Ixtiyor Botirov.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan