Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali talabasi 400 mln so‘m grant mablag‘ini qo‘lga kiritdi

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali Zooinjeneriya:Baliqchilik yo‘nalishining 2-bosqich talabasi Paraxat Tileklesov O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) tomonidan o‘tkazilgan “Orol dengizi mintaqasining sho‘rlangan yerlarida innovatsion startap loyihalar” tanlovida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan edi. “Orolbo‘yida baliqchilikni rivojlantirish, shuningdek yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan baliq turlarini tiklash” nomli mazkur loyihaga uning akasi Jaylibaev Polat rahbarlik qildi. 400 mln so‘m grant mablag‘ini qo‘lga kiritgan loyiha va g‘oya muallifi bo‘lgan talabamiz P.Tileklesov endilikda loyihani amalga oshirish ishlarini boshlab yuborganligini ta’kidladi. Loyiha doirasida Orolbo‘yida baliqchilikni rivojlantirish, baliq yetishtirish hajmini oshirish, shu yerdagi fermer xo‘jaliklariga arzon mayda baliq chavaqlarini yetishtirib berish hamda baliq turlarini tiklash ko‘zda tutilgan. Shuningdek boshlanishiga 5 nafar odam (keyinchalik ishchilar soni ortib boradi) ish bilan ta’minlanadi. 15 tonna baliq lichinkalarini yetishtirish va kelasi yilda 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ jamg‘arish rejalashtirilgan. Ta’kidlab o‘tish joizki, Mo‘ynoq tumanida talabamizning oilaviy “Bostanova Nesibeli” MChJ baliq korxonasi 2019 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Albatta, mana shunday innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishga intilgan ziyrak talabamizdan juda mamnun bo‘ldik. Taqdim etilgan imkoniyatdan unumli foydalana olish ham muhim hisoblanadi. Filial talabasi Paraxat Tileklesovning kelgusi ishlarida muvafaqiyatlar tilab qolamiz.

Filial matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan