O‘zMUning Ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya kafedrasi 57-sonli ixtisoslashtirilgan maxsus maktabida “Xayriya tadbiri” o‘tkazdi

Oʻzbekiston Milliy universitetining Ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya kafedrasi tomonidan Toshkent shahar Mirobod tumandagi 57-sonli ixtisoslashtirilgan maxsus maktabida “Xayriya tadbiri” oʻtkazildi.

57-sonli ixtisoslashtirilgan maxsus maktabi 1971-yil qurilgan. Maktabda bugungi kunda 44 nafar pedagog ishlaydi. Maktab 250 oʻringa moʻljallangan boʻlib, hozirda 153 nafar oʻquvchilar tahsil olib kelmoqda.

Maʼlumki, tajribali olimlar va professor-oʻqituvchilarning bevosita muloqotlari, suhbatlari yoshlarni kasbga yoʻnaltirish va tanlayotgan sohasi boʻyicha koʻnikma hosil qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

Ijtimoiy fanlar fakulteti Toshkent shahridagi bir qator maktablarda mahorat darslari, yoshlar bilan muloqot, suhbat va debatlar oʻtkazib kelmoqda.

Shuningdek, Ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya kafedrasi tashabbusi bilan Mirobod tumanidagi qator maktablarda ham mahorat darslari oʻtilib, maktab va oliy taʼlim tizimi oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash uchun qator tashabbuslarni ilgari surishmoqda.

Jumladan, 57-sonli ixtisoslashtirilgan maxsus maktabida oʻtkazilgan tadbirda 150 dan ortiq oʻquvchi yoshlar va tarbiyachilar qatnashdi. Tadbir avvalida Ijtimoiy fanlar fakulteti Yoshlar boʻyicha dekan oʻrinbosari O.Musurmonqulov va Psixologiya kafedra mudiri D.Muxamedovalar tadbirni ochib oʻquvchi yoshlarga koʻtarinki kayfiyat ulashishdi. Oʻquvchi yoshlar bilan tanishuvdan soʻng, Universitetning fan va taʼlim, sport sohasidagi erishgan yutuqlari hamda talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Tadbirda fakultet talabalari tomonidan oʻquvchi yoshlarning kayfiyatini koʻtarish maqsadida qiziqarli suhbat va Sirk oʻyinlari tashkil etildi. 153 nafar oʻquvchi yoshlar uchun maxsus sport anjomlari ulashildi.

Tadbir yakunida ixtisoslashtirilgan maxsus maktab oʻquvchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va oʻquvchilar tomonidan yaratilgan qoʻl mehnati hamda asarlari bilan tanishib, oʻzaro fikr almashildi.











Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan