Turkiya O‘zbekistondagi elchisi Mehmet Surayyo ikki universitetning faxriy professor unvoniga sazovor bo‘ldi.

Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Turkiyaning favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er janoblari birdaniga ikki universitetning faxriy professor unvoniga sazovor boʻldi.
– Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga, xususan, taʼlim va ilm-fandagi hamkorlikni kengaytirishga, turkiyshunoslik ilmi ravnaqiga qoʻshgan hissasi hamda sohadagi islohotlarni doimiy qoʻllab-quvvatlagani uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti faxriy professor unvoniga munosib koʻrildi. Unvon guvohnomasi elchi janoblariga Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa boshqarmasi boshligʻi ishtirok etgan tadbirda universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva tomonidan taqdim etildi;
– taʼlim va ilm-fan rivojiga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi. Unvon guvohnomasi universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov tomonidan topshirildi.
Elchi Mehmet Sureyya Er janoblari 2019-yil 15 yanvarda Oʻzbekistonga elchi etib tayinlanganidan buyon, bu qisqa ikki yillik muddatda Oʻzbekistonning taʼlim va ilm-fan sohalariga qoʻshgan katta hissasi, ikki mamlakat oʻrtasida akademik hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga koʻrsatgan xizmatlari yuqori baholanib kelmoqda.
Elchi Mehmet Sureyya Erning tashabbuskorligi natijasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Turkiya oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti, Istanbul madaniyat universiteti, Marmara universiteti kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ilk bor qoʻshma magistrlik dasturi yoʻlga qoʻyildi. Bu esa Oʻzbekiston va Turkiya oliy taʼlim tizimidagi hamkorlikning yangi sahifasidir.
Shuningdek, elchi janoblarining bu qisqa muddatda oʻzbek tilini mukammal oʻzlashtirgani Oʻzbekistonga nisbatan yuksak ehtirom oʻlaroq baholanib, uning barcha chiqishlaridagi nutqi Oʻzbekistondagi ommaviy axborot vositalarida keng ravishda yoritilib keldi.
Bundan tashqari, elchi Mehmet Sureyya Er janoblaring bu yutuqlari Turkiyada ham eʼtirofga sazovor boʻldi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining birinchi va soʻngi prezidenti Polat Usmon Xoʻjayevning oʻgʻli — Michigan davlat universiteti Turkiyshunoslik professori Timur Kokaogʻlu va Turkiya parlamenti raisi Mustafo Shentoʻp elchi Mehmet Sureyya Er janoblarining ushbu yutuqlarini yuqori baholadilar va ijtimoiy tarmoqlarda uni tabrikladilar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan