Urganch davlat universitetida yangi qurilgan 5-sonli talabalar turar joyining ochilish marosimi bo’lib o’tdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2019-yil  28-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining 2019-yilgi investitsiya dasturiga kiritilgan hamda byudjetdan tashqari o‘z mablag‘lari hisobidan bajarilishi belgilangan obyektlarda qurilish, rekonstruksiya, kapital ta’mirlash ishlarining borishi” to‘g‘risidagi sayyor yig‘ilish bayoniga asosan, Urganch davlat universiteti hududida zamonaviy tipdagi  500  o‘rinli talabalar turar joyi qurilish ishlari boshlanib, bugun to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirildi.Mazkur talabalar turar joyi binosida  universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan jihozlash ishlari ham olib borildi.

2021-yil 18-mart kuni mazkur  talabalar turar joyining ochilish marosimi o’tkazildi. Ochilish marosimda viloyat hokimligi vakillari, Senat a’zolari, faxriy ustozlar, universitetning professor-o’qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning Urganch davlat universitetining rektori Abdullayev Bahrom Ismoilovich  ochib berib, bugungi kunda  Oliy ta’lim tizimidagi  sezilarli o’zgarishlar va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirdi. Shuningdek, Urganch davlat universitetida talabalar sonining keskin o’sishi natijasida talabalar turar joyiga ehtiyojni qondirish maqsadida bunyod etilgan ushbu binoni barpo etishda o’z hissasini qo’shgan barcha insonlarga o’z minnatdorchiligini bildirdi.

Shundan so’ng, tadbir mehmonlari Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Salayev San’atbek Kamilovich, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Tajiyev Bahodir Sa’dullayevichlar so’zga chiqib, butun universitet jamoasini, talaba-yoshlarni talabalar turar joyining ochilishi bilan, kirib kelayotgan Navro’z ayyomi bilan samimiy tabriklashdi.

Mazkur binoni qurilish jarayonlari avvalida tamal toshini qo’ygan ulug’ ustozlardan biri,  professor Otaboy Jumaniyozovichning tabrigi va ezgu niyatlar ila qilgan duolaridan so’ng lenta qirqish marosimi bo’lib o’tdi.

Shundan so’ng, tadbir ishtirokchilari talabalar turar joyidagi sharoitlar bilan tanish maqsadida bino bo’ylab sayohat qilishdi.

Talabalar turar joyida har qavatida 2 tadan 72 o‘rinli oshxona,  madaniy dam olish xonalari va Axborot resurs markazilari,  xorijdan kelgan professor-o‘qituvchilar uchun mehmonxona tipidagi  25 kishilik alohida yashash joyi mavjud.

Yoshlarni bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida  binoning yerto‘la qismida Yoshlar Inkubatsion markazi, Kovorking markazi, Axborot texnologiyalari markazi, hunarmandchilik markazilari faoliyati ham yo’lga qo’yilgan.

Bularning barchasi yosh avlodning munosib shart-sharoitlarda taʼlim-tarbiya olishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan