QarMIIda “Yoshlar bandligi – taraqqiyotga ilk qadam” mavzusida tadbir bo’lib o’tdi

Bugun institutda “Yoshlar bandligi – taraqqiyotga ilk qadam” mavzusida tadbir bo’lib o’tishi haqida aytib o’tgan edik. 2020/2021 o’quv yili bitiruvchilarini samarali ishga taqsimlash hamda korxona, tashkilot, muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda mehnat yarmarkasi, kadrlar buyurtmachilari tomonidan taqdimotlar, mahorat darslari hamda seminarlar o’tkazildi.
Institut bosh binosida o’tgan ochilish marosimida so’zga chiqqan rektor O.Bazarov bitiruvchilarning bandligini ta’minlash borasida korxona va tashkilotlar bilan tizimli ishlar yo’lga qo’yilgani va bu ishlar natijasi o’laroq, bugungi kunda yuzlab talabalarimiz respublikamizning turli nuqtalarida mutaxassisliklari bo’yicha faoliyat olib borayotganliklarini ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, marosimda so’z olgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qashqadaryo filiali rahbari B.Jo’rayev, “Sho’rtangaz kimyo majmuasi” MCHJ kadrlar bo’limi boshlig’i A.Buxorov hamda “Muborak Issiqlik Elektr Markazi” AJ bo’lim boshlig’i muovini S.Hasanov bugungidek uchrashuvlar kadrlarni saralab olish imkoniyatini oshirishi, bilimli va iqtidorli bitiruvchilar uchun o’z muassasalarida hamisha munosib ish o’rinlari bo’lishi haqida gapirdilar.
Shundan so’ng, tadbir qatnashchilari institut bo’yalab tashkil etilgan mehnat yarmarkasi, taqdimot, seminar hamda mahorat darslari bo’lib o’tayotgan auditoriyalarga taklif qilindilar. O’z mutaxassisligi bo’yicha ishga kirish istagini bildirgan talaba-yoshlar ayni shu tadbirlarda ishtirok etib, o’zlariga kerakli ma’lumotlarga ega bo’ldilar.
Ma’lumot o’rnida aytish kerak, 2020/2021 o’quv yilida institutni 25 ta bakalavriat ta’lim yo’nalishlari bo’yicha 1999 nafar, 14 ta magistratura mutaxassisliklari bo’yicha 153 nafar bitiruvchilar tamomlaydilar.


QarMII axborot xizmati.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan