Buxoroda xalqaro forum oldidan yoshlar aksiyasi o‘tkazildi

 

 

Buxoroda joriy yilning 23-24 iyun kunlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum maqsadlarini har bir yo‘nalishi bo‘yicha ma’lumot berishga qaratilgan yoshlar ishtirokida aksiya tashkil etildi.
Aksiyada Buxoro viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.

Tadbirda respublikamiz va dunyo tarixida ilk bor Buxoro viloyatida tashkil etilayotgan mazkur forumning ahamiyati, mazmun-mohiyati xususida so‘z bordi. O‘tkazilayotgan aksiya vositasida 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim strategik mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib etish, bu borada olib borilayotgan ishlarda ertamiz egalarining yanada faol bo‘lishlariga ishonch bildirildi.

Buxoro yoshlari ham davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda har sohada faol va tashabbuskor bo‘lib, yurtimizning turli jabhalarida kechayotgan islohotlarga o‘z daxldorlik hissi va teran tafakkuri bilan yondashishlari ham qarz, ham farz ekanligi alohida ta’kidlandi. Bu borada esa o‘z uyi, mahallasi, yurtini obod qilish dardu tashvishida bo‘lgan farzandlarimizga o‘z imkoniyat va iste’dodlarini namoyon etishlari uchun barcha sharoit yaratib berilishi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi e’tirof etildi.

Aksiyada yoshlar uchun ajoyib ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi. Ularning bilimlari yana bir sinovdan o‘tkazildi. Savol-javoblarda faol ishtirok etgan yigit-qizlarga o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari sovg‘a qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Alimov ham ishtirok etdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan