“Yoshlar kelajak drayverlari” I Yoshlar forumi o‘tkazildi

“Yoshlar kelajak drayverlari” I Yoshlar forumi o‘tkazildi

Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oya va tashabbuslariga qanot bag‘ishlash, jamiyat hayotining har bir jabhasida ularning faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

30 iyun — har yili mamlakatimizda Yoshlar kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Bayram arafasida turli tashkilot va muassasalar tomonidan yoshlar ishtirokida turli forum, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv hamda tadbirlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Yoshlar oyligi” doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Yoshlar kelajak drayverlari” I Yoshlar forumi o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga O‘zMTDPdan saylangan yosh deputatlar, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining “Yoshlar qanoti” yetakchilari hamda “Ko‘mak” targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirok etdi.

Mazkur forum joriy yil 5 fevral kuni davlatimiz rahbarining siyosiy partiyalar rahbarlari bilan partiyalar faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi hamda 2021 yilning oktyabrida o‘tkaziladigan Prezidentlik saylovida yoshlarning munosib ishtirokini ta’minlashga qaratilgan “Yo‘l xarita”ga muvofiq o‘tkazildi.

“Milliy yuksalish drayverlari” shiori ostida o‘tkazilgan forum 30 mingdan ziyod yoshlarni qamrab olgan bo‘lsa, ularning 150 nafari bevosita Toshkentda o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etdi. Forumning birinchi kunida yoshlar uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, taniqli siyosatchilar, yosh olim, atoqli shoira va rassomlar, jurnalistlar ishtirokida mahorat darslari tashkil qilindi, ochiq muloqot va mushoira kechalari o‘tkazildi. Shuningdek, “Yoshlar qanoti” yetakchilari hamda “Ko‘mak” targ‘ibot guruhi a’zolari “Eng yaxshi yosh siyosatchi”, “Eng yaxshi taqdimot” tanlovlarida ishtirok etib, turli mavzularda tayyorlab kelgan taqdimotlarini namoyish qildi. Yoshlar forumi ishtirokchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan tanishish maqsadida quyi palataga ham tashrif buyurdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov forum ishtirokchilarini yaqinlashib kelayotgan Yoshlar kuni bilan qutlab, Qonunchilik palatasi va deputatlar faoliyati, qonunlarni qabul qilish tartibi haqida ma’lumot berdi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan