Festival yoshlarning chinakam bayramiga aylandi

Buxoroda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan festival doirasida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.Unda viloyat hokimi boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, faol va tashabbuskor o‘g‘il-qizlar, yoshlar festivali doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘olib va sovrindorlari qatnashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Botir Zaripov so‘z oldi.

Viloyat rahbari Prezidentimiz tomonidan hayotga tatbiq etilgan beshta muhim tashabbus yoshlar hayotiga qanchalar chuqur kirib borganligi, ularning reja va orzularining ajralmas bo‘lagiga aylanganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yoshlar festivali davomida o‘tkazilgan aksiya va tanlovlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida 115 ta ta’lim muassasalariga 8 ming 300 dona kitoblar yetkazib berilgan. Barcha tuman-shaharlarda tashkil etilgan “Hokim kubogi” musobaqalarida 2 ming 464 nafar yoshlar faol qatnashgan. 529 nafari sovrindorlar qatoridan joy olgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 105 nafar yoshlar “E’tibordagilar” loyihasi doirasida rag‘batlantirilgan. 421 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va o‘zini o‘zi band qilishi uchun turli xildagi asbob-uskunalar hamda mehnat qurollari bilan ta’minlangan. Festival doirasida “Deputat va yoshlar” uchrashuvi, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” loyihasi, “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovlari, “Kinokarvon” kunlari, “Tasviriy san’at, milliy galeriya va suratkashlar” ko‘rgazmasi kabi 23 ta loyiha tashkil etildi.

Rahbar va yoshlar” uchrashuvida festival tadbirlari jumladan, “Bilimdon shou” intellektual o‘yini, “Innovasion loyihalar” aksiyalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar viloyat hokimligi tomonidan tashakkurnoma, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Festival doirasida yil davomida yoshlar bilan ishlashda alohida jonbozlik ko‘rsatgan mahalliy hokimliklar, sektorlar, korxona va tashkilotlar mutasaddilari, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari ham e’tirof etildi.

 

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan