MARRANI BALAND OL ABDURAUF!

MARRANI BALAND OL ABDURAUF!

«Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman».
Sh.Mirziyoyev

Bugun yurtimizda iqtidorli yoshlarning chuqur bilim olib, o‘z sohasining fidoiy bilimdoni bo‘lib yetishib chiqishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ulkan islohotlar natijasi hamda shu imkoniyatlar samarasi sifatida bugungi kunda umidimiz yulduzlari, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar. Andijon davlat tibbiyot institutining 4-bosqich talabasi Abdurauf Abdurashidov ham yurt taqdiri uchun daxldorlik hissi bilan yashayotgan, uning kelajagiga munosib hissa qo‘shishdek ezgu niyatda izlanishlar olib borayotgan qobiliyatli yoshlarimizdan biri sanaladi.
30 iyun-Yoshlar kuni munosabati bilan Abduraufga erishgan natijalari e’tirofi sifatida Andijon viloyati hokimining bayram sovg‘alari topshirildi.
Abdurauf ko‘p qavatli uylarda onasi bilan birga yashaydi. Yoshlar kuniga munosib sovg‘a bo‘lgan kundalik ehtiyoj jihozlari yosh olim va uning oilasiga katta quvonch olib keldi.
A.Abdurashidov 2020 yilda “Innovasion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi bilan birga, “Yil talabasi-2020” Respublika tanlovida “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi” nominasiyasi bo‘yicha mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, u Qozog‘iston Respublikasining Nursultan shahrida MDH davlatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Yilning eng yaxshi yosh olimi–2021” xalqaro tanlovida “Tibbiyot yo‘nalishi” bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni egallab, ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlangan. Bundan tashqari, Abdurauf Birlashgan Arab Amirliklari va Pekinda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlar g‘olibi hisoblanadi.
Abdurauf Abdurashidov dunyodagi Stanford hamda Harvard nufuzli universitetlarining doimiy tinglovchisi. 2 ta ixtiroga patent, 11 ta rasionalizatorlik taklif, 10 ta amaliyotga tatbiq, 50 dan ortiq xorijiy va mahalliy jurnallarda tezis va maqolalar muallifi ham hisoblanadi. Shu o‘rinda payg‘ambarimiz Muhammad sallolohu alayhi vassallomning kuyovlari Hazrati Alining ilm xususidagi quyidagi so‘zlarini keltirishni joiz deb bildim: “Ilm pastda turganlarni yuqori darajaga ko‘taradi. Bilimsizlik esa tepada turganlarni pastga tushiradi. Ilm mol-davlatdan ustundir, chunki boylikni sen asraysan. Ilm esa seni asraydi», deganlar. Hazrat Alining purma’no so‘zlarini anglash uchun Abdurauf kabi yoshlarning faoliyatini yoshlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatsak bo‘ladi. Ilm azaldan eng buyuk sharaf deb qadrlangan. Ana shu buyuk sharafni egallash yo‘lida chekilgan zahmatlar kelgusida albatta, o‘z natijasini berguvsidir. Ilm yo‘lida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan Abduraufga omad va zafarlar tilayman. Marrani baland olgin, sen Bobur Mirzo avlodisan, buyuk bobolarga munosib izdosh bo‘lish mas’uliyati seni hech qachon tark etmasin! Biz sen bilan faxrlanamiz, rahmat senga, Andijonning bo‘lajak Ibn Sinosi!

ADTI prorektori Mirzohid Botirov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan