«SO’ZNI JAHON BAHRIDA DURDONA BIL…»

«SO’ZNI JAHON BAHRIDA DURDONA BIL…»

09Ma’lumki, inson ko’ksidagi qalbining tirikligi, uyg’oqligi bilan boshqa mavjudotlardan afzaldir. Qalbni uyg’otadigan, jonlantirib turadigan eng yaxshi vositalardan biri badiiy adabiyot ekanligi ko’pchilikka ma’lum, albatta. Shuning uchun ham qo’liga qalam tutib, ijod qilishni boshlagan har bir kishi qanday muhim ishga o’zini chog’layotganligini o’ylab ko’rmoqligi lozim. Ijod qilishni odamlar o’rtasida nom qozonish yoki arzimas, arzon kechinmalarni to’kib solish vositasiga aylantirib olgan, adabiyotning asl maqsadi, missiyasi nima ekanligini unutib qo’ygan qalamkashlar hamma zamonlarda bo’lgan. Shu mulohazalar asnosida yana mumtoz adabiyotimizning muazzam siymolaridan biri hazrat Alisher Navoiyga yuzlanamiz.

Hazrat Navoiydek zotlar, avvalo, adabiyotning asosiy quroli bo’lgan so’zga shunchaki yo’l-yo’lakay yozib yoki aytib aytib ketilaveradigan hodisa sifatida qaramaganlar. Har bir ne’matning isrofidan saqlangan donishmand mumtoz adabiyotimiz so’zga ham Allohning bir bebaho ne’mati o’laroq munosabatda bo’lib, uning ham isrofidan tiyilgan.

Navoiy so’z san’ati borasida tug’ma daho ekanligini o’zi ham e’tirof etardi. Buni u otaxoni Sayid Hasan Ardasherga yozgan she’riy maktubida shunday ifodalagan:

Falak ko’rmadi men kibi nodire,
Nizomiy kibi nazm aro qodire.

Ne nazme der ersam meni dardnok,
Ki har harfi bo’lg’ay ani durri pok.

Yetar Tengridin oncha quvvat manga,
Ki bo’lmas bitiriga fursat manga.

Ayni shu maktubida agar Firdavsiy o’z “Shohnoma”sini o’ttiz yilda yozgan bo’lsa, men buni o’ttiz oyda yozishim mumkin, xos ma’noda bo’lsin, iyhom san’atida bo’lsin kunda yuz bayt bitish men uchun holvadek gap, deydi:

Ki har necha nutq o’lsa kohilsaroy,
Bitigaymen o’ttuz yilin o’ttuz oy.

Agar xossa ma’no gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur.

Darhaqiqat, shoirning hali yigitlik chog’larida aytgan ushbu so’zlarini keyinchalik ortig’i bilan bajarganligini aytib o’tirmasa ham bo’ladi. Yillar o’tib Sulton Husayn Boyqaroning qistovi bilan “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotini tuzar ekan, uning debochasida yana o’zining ijodi haqida hammani hayron qoldirib shunday yozadi:

Shoirlig’ ila shuhra qilib otimni,
Zoi’ qildim she’r ila avqotimni.
Emdi tuzayin Tengriga tootimni,
Ko’p elga mushavvash etmay abyotimni.

Qarang, shoir nima demoqda: shoirlik bilan nom chiqarib, umrimni bekorga o’tkazdim. Bas, endi yozgan she’rlarim bilan odamlarga tashvish bo’lmay-da, qolgan umrimni ibodatga bag’ishlay. Insof bilan aytganda, bugun yoki oldin qaysi shoir o’z she’rlari bilan odamlarga tashvish bo’lmaslik haqida mulohaza qilgan? Ijodi haqida bu darajada faxrlanish va o’zini bu darajada kamtarlikka olish ham Navoiydek ulug’ zotlarga xos fazilatdir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan