Prezidentim ishonchi, ko‘ksimga qadalgan mukofot mas’uliyatimni ming karra oshirdi


Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, yangi g‘oya va marralar sari yo‘naltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 30 iyun — Yoshlar kuni sifatida belgilanib, ushbu sana yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Joriy yilda ham Yoshlar kuni katta tantana qilinib, sana munosabati bilan bir guruh yoshlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etib, nutq so‘zladi hamda mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi. Ular orasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining raisi, “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan Shahnoza Joldasova ham bor.

Shahnoza Joldasova bilan yurtimiz yoshlariga yaratilayotgan imkoniyatlar, Prezidentimiz ma’ruzasida ilgari surilgan tashabbuslar hamda kelgusidagi vazifalar xususida suhbatlashdik.

— Siz davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri — “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandingiz. Avvalo, ushbu mukofot bilan tabriklaymiz.

— Rahmat. Men hozir dunyodagi eng baxtli yoshlardan biriman. Sababi, Yoshlar kunida “Kelajak bunyodkori” medalini shaxsan davlatimiz rahbarining qo‘lidan olish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu yoshda yuksak mukofotga ega bo‘lish sharafli va bir vaqtning o‘zida mas’uliyatlidir. Jamiyatimizning bir kichik a’zosi sifatida ayta olamanki, biz bugun oddiy yoshlar emasmiz. Biz uchun dunyolarga yetarli imkoniyatu sharoitlar yaratib berilgan. Biz bugun Yangi O‘zbekistonning yangi yoshlarimiz! Fikrim isboti sifatida birgina joriy 2021 yilning mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilinganini ta’kidlamoqchiman. Bu yoshlarga davlat siyosati darajasidagi e’tiborning yorqin ifodasidir. O‘zbekiston Prezidenti yoshlarni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida e’tirof etib, ularga katta ishonch bildirayotgan ekan, biz ham yangi zamonda yangicha tashabbuslar, yangicha yutuqlar, kreativ g‘oyalar bilan faollik ko‘rsatishimiz, O‘zbekistonning ertangi kuni, poydevori sifatida maydonga chiqishimiz shart.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ishtirok etib, ma’ruza qildi. Forumning bevosita ishtirokchisi sifatida ushbu ma’ruzaning mazmun-mohiyati, yoshlar faoliyatidagi ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.

— Toshkent Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tgan “Uchinchi Renessans bunyodkorlari” shiori ostidagi forumda Prezidentimiz misli ko‘rilmagan darajadagi tashabbuslarni, biz sira kutmagan yangiliklarni aytib o‘tdi. O‘zbekning har bir qorako‘z farzandi uchun keng imkoniyatlar taqdim etildi. Davlat rahbari tomonidan yoshlarga berilgan imkoniyatlar ularga kuch-g‘ayrat va motivasiya bag‘ishladi, deb baralla ayta olaman.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda yoshlarni bilimli va malakali qilib tarbiyalash, jahon standartlariga mos keluvchi ilg‘or kadrlar qilib yetishtirish uchun puxta o‘ylangan uzoq muddatli izchil tizim amalga oshirilmoqda. Forumda ham oldimizda turgan dastlabki islohotlar sifatida maktabgacha ta’lim tizimidan tortib, oliy ta’lim, fan, madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sport kabi sohalarni tubdan isloh qilishga qaratilgan topshiriqlar aytib o‘tildi.

Jumladan, yangi o‘quv yilidan 22-28 foizli 3 yillik ta’lim krediti 14 foizga tushirilib, 7 yilga beriladigan bo‘ldi. Kreditni qoplashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar esa soliqdan ozod qilinadi. Dunyo miqyosida TOP-1000 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalarini bitirgan va chetda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi. Ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratilib, ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, shuningdek, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinishi endi oyoqqa turayotgan yosh oilalarga katta ko‘mak bo‘ladi.

Zimmamdagi vazifalar mas’uliyatini to‘liq his qilib turibman. Biz, yosh deputatlar tengdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini ifoda etib, talab-istaklarini hukumatga yetkazishimiz, muammolari yechimida ko‘maklashishimiz kerak. Aynan ularning taklif-tashabbuslari qabul qilinayotgan qonunlarda aks etishida biz kamarbasta bo‘lishimiz kerak. Qat’iy ishonch bilan ayta olamanki, forumda mening ko‘ksimga qadalgan davlat mukofoti Vatanim oldidagi mas’uliyatimni ming karra oshirdi. Yurtboshim ishonchiga yarasha O‘zbekiston yoshlarining qonunchilik jarayonida bevosita ishtirok etishlariga ko‘maklashib, ularning huquqiy ongini oshirishga, siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini boyitishga o‘z hissamni qo‘shaman.

— Darhaqiqat, bugun yoshlar har sohada, shu jumladan, qonun ijodkorligi borasida ham faol ishtirok etmoqda. Prezidentimiz faol yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy Kengashlar faoliyatiga yana-da kengroq jalb etish haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Sizningcha, bu choralar qanday natija ko‘rsatadi?

— Haqiqatan ham bugun yoshlar barcha soha qatori qonun ijodkorligi borasida ham faol ishtirok etmoqda. Yurtimizda mustaqillik yillarida yoshlarning har tomonlama yetuk, barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun O‘zbekiston Respublikasining 22 ta Qonuni, Prezidentimizning 26 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 41 ta qarori, 30 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganligi yigit-qizlarning barcha sohadagi faolligiga zamin bo‘layotir. Ayni shu lahzada aytmoqchimanki, yoshlar forumida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining raisi sifatida meni quvontirgan muhim yangiliklardan biri — joylarda Yoshlar parlamenti maktablarining tuzilishidir.

Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusini yurtimiz qonun ijodkorligi sohasidagi eng zalvorli hodisa, deb bilaman. Ishonamanki, Yoshlar parlamenti maktablari o‘zimiz uchun-da katta maktab bo‘ladi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga ham faol o‘g‘il-qizlar yanada keng jalb etilsa, joylarda tengdoshlarimizni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish, ularning taklif va tashabbuslarini amalga oshirish imkoni yuzaga keladi. Shu nuqtai nazardan ushbu tashabbus kelgusida o‘z mevasini, albatta, beradi.

— Yoshlar parlamenti Prezident ma’ruzasidan kelib chiqib, qanday vazifalarni belgilab olmoqda? Umuman, Yoshlar parlamentining kelgusidagi maqsad-vazifalari va rejalari haqida to‘xtalsangiz.

— Prezidentimiz ma’ruzasi, unda ilgari surilgan tashabbuslar Yoshlar parlamenti zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi, oldimizga ulkan maqsad-vazifalarni qo‘yib harakat qilishimizni taqozo etadi. Yoshlarning parlament ishidagi ishtirokini faollashtirish bilan bir qatorda, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, siyosiy-huquqiy bilimlarini boyitish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qonun ijodkorligi, huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolarini yoshlar ishtirokida muhokama qilish borasidagi ishlarimizni jadallashtirishimiz lozim. Yoshlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan ko‘plab noxush manzaralar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlash, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish kabi dolzarb masalalarga kompleks yondashish talab etilmoqda.

Bugunga qadar Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan 20 ga yaqin qonun loyihalari hamda bitta xalqaro Konvensiyaga takliflar ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, 50 dan ortiq mavzularda davra suhbatlari, forum, konferensiyalar o‘tkazildi. Ayni paytda yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasi ustida Yoshlar parlamenti a’zolari ham faol ish olib borayotgani yoshlarning o‘ziga xos erishayotgan yutuqlaridandir.

Yangi O‘zbekiston nafaqat o‘z farzandlari, balki jahon yoshlari huquqlarining faol targ‘ibotchisi, tashabbuskori sifatida ham maydonga chiqmoqda. Yurtimiz yoshlari bu jarayonlarda namuna bo‘lishi, Yoshlar parlamenti esa O‘zbekiston yigit-qizlarining eng oldingi qatorida turishi lozim, deb hisoblayman.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan