Asosiy maqsad – oliy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish

Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 16 iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Unda oliy ta’lim tizimida yoshlarni bilimli va malakali mutaxassislar qilib tarbiyalash, ta’lim tizimini izchil rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy holatini yaxshilash, professor-o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi.

Yoshlarning jahon andozasi darajasida bilim olishi, kasb-hunar egallashi, jismoniy va ma’naviy yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi, ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi ustuvor vazifa sifatida qaraladi.

Shu bois, oxirgi yillarda oliy ta’lim muassasalarining soni va qabul kvotalari oshdi. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Professor-o‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 3,5 baravar oshirildi.

Shunga qaramasdan, davlatimiz rahbari sifat yo‘nalishida o‘zgarishlar hali sezilmayotgani, ta’limning sifatini yaxshilash, o‘quv ishlarini bozor talablaridan kelib chiqib tashkil qilish masalasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, rektorlarning e’tiboridan chetda qolib ketganligini ta’kidladi.

Xususan, bugungi kundagi 815 yo‘nalishning 55 foizi mehnat bozorining talablariga javob bermasligi, oliy ta’lim muassasalari 2 mingga yaqin fanlar bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlanmaganligi, o‘quv dasturlari eskirgan fan va yo‘nalishlar asosida tuzilganligi, sohada korrupsiya bilan bog‘liq holatlar haligacha uchrashi tanqid qilindi.

Majlisda davlatimiz rahbari sohadagi 4 asosiy vazifani ta’kidladi. Bu vazifalarning samarali ijro qilinishi uchun oliy ta’lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqarish bo‘yicha erkin qaror qabul qilish vakolatining berilishi qayd qilindi.

Aytish joizki, bundan buyon, o‘quv rejasi va adabiyotlar, fan dasturlarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi va ta’til turlarini belgilashni oliy o‘quv yurtining boshqaruv kengashi o‘zi hal qilishi, har bir kafedraning faoliyati uning ilmiy salohiyati va yoshlarni seleksiya asosida ilmiy ishga jalb qilish ko‘rastkichlariga qarab baholanishi ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasalarining rektorlariga kafedralar huzurida ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil qilib, ularni o‘quv-laboratoriya jihozlari va zarur texnika bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Har bir kafedraning tarmoq korxonalari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilarning korxonalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazishiga sharoit yaratish asosiy vazifa qilib belgilandi.

Shuningdek, oliy o‘quv yurtlarini zamonaviy o‘quv adabiyotlari va ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlash, ilm va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integrasiyani bundan buyon ham takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqotlar bilan ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, davlat ilmiy-texnik dasturi bo‘yicha bajarilishi mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqotlar, innovasiyani joriy qilish sohasida xalqaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish va undan samarali foydalanish belgilangan.

Albatta, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda oliy ta’limga qaratilayotgan alohida e’tibor sohada yangi bosqichni boshlab bermoqda. Demak, oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar yaqin kelajakda o‘zining ijobiy natijasini berishi shubhasiz.

Amanjol Ayapov,

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali direktori, filologiya fanlari nomzodi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan