Yoshlar ma’naviyati va ijtimoiy tarmoqlar masalasi muhokama qilindi

Yoshlar ma’naviyati va ijtimoiy tarmoqlar masalasi muhokama qilindi


O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi “Yoshlar qanoti” tomonidan ochiq muloqot tashkil etildi.

“Yoshlar bilan” loyihasining navbatdagi sonida Yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, joylashtirilayotgan “kontent”larning ma’naviy saviyasi, tarbiyaviy samaradorligi muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari, partiya yoshlar parlamenti a’zolari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlab 2021 yil 30 iyun kuni o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir so‘z bilan aytganda, tarbiyasi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan katta ishlarni samaradorligini yanada kuchaytirish masalalariga jiddiy e’tibor berishimiz zarurligi masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangan edi.

Mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, huquq va manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganligi, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor hamda O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligiga alohida qayd etildi.

Tadbirda Prezidentimizning Yoshlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida belgilangan ustuvor vazifalar, kelajakda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, ma’naviy saviyasi, tarbiyaviy samaradorligi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Deputatlar tomonidan yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviy ongini yuksaltirish borasida takliflari bildirilib, so‘ngi vaqtlarda yoshlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ma’naviyatimizga zid bo‘lgan roliklarni joylashtirayotganliklari tanqid ostiga olindi.

Yoshlar parlamenti a’zolari hamda faol yoshlar tomonidan tengdoshlarining bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanishmayotganligi xolatlari tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida yoshlarni ko‘proq kitob o‘qish va bo‘sh vaqtlarini sport bilan shug‘illanish kabi foydali ishlarga sarflashlari zarurligi bildirildi.

Tadbir yakuni bo‘yicha deputatlar va faol yoshlar tomonidan:

– yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi “samarasiz” foydalanishlariga chek qo‘yish maqsadida ular bandligini ta’minlash;

– jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz tomonidan o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘ladigan roliklarni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borishlariga ko‘maklashish;

– jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, adashgan, ko‘makka muhtojlarni mas’ullar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishlariga zamin yaratish;

– jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq yoshlarni tarbiyalash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish;

– yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasida qonunchilikga takliflar berilishiga kelishib olindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan