Zamonamizning yosh qahramonlari

Zamonamizning yosh qahramonlari
O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat. Chunki uning buyuk kelajagini yaratuvchi, har sohada faol, intiluvchan va muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlari bor. Shunday yoshlardan biri xalqaro matematika olimpiadasining bir necha bor g‘olibi, Prezident stipendiyasi, Prezident sovg‘asi «Kobalt» avtomashinasi, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni va «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotlari sohibi Sardor Bazarbayevdir.

Bugungi kunda yosh qahramonimiz Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentida faoliyat yuritmoqda.

O‘zA muxbiri Sardor Bazarbayev bilan uning bugungi kundagi faoliyati va muvaffaqiyatlarining siri haqida suhbatlashdi.

– Bugungi kunda yoshlarimiz orasida o‘rnak bo‘lishga arziydigan, turli jabhalarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan yoshlarimiz bisyor. Siz ham shunday yoshlar toifasidansiz. Avvalo, yutuqlaringiz, bugungi kundagi faoliyatingiz haqida suhbatlashsak.

– Albatta, do‘stlarim, tengdoshlarim orasida men havas qiladigan, yurtimiz ravnaqi uchun samarali faoliyat olib borayotgan yoshlar ko‘p. Men ham ularning safida ekanligimdan juda xursandman. Joriy yilda O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakultetining magistratura bosqichini tamomladim. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentida faoliyat olib boryapman. O‘zim matematika fanidan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, oltin medal bilan taqdirlanganman. Shu boisdan ham bu departamenta ishlash men uchun juda qiziq. Departament respublika va xalqaro miqyosda tashkil qilinadigan olimpiadalarni muvofiqlashtiradi, onlayn olimpiadalar tashkil qiladi hamda muntazam ravishda iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantiradi va ularning monitoringini yuritadi.

– Maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan onlayn olimpiadalar va ularning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

– Bilamizki, yurtimizda 10 mingdan ziyod maktabda 10 milliyondan ziyod o‘quvchi tahsil oladi. Avvalgi yillari olimpiadalarda bitta sinfdan bittagina nomzod o‘quvchi ishtirok etishi mumkin edi. Qolgan o‘quvchilar esa, bundan mosuvo bo‘lardi. Bora-bora qolgan o‘quvchilarda olimpiadaning saralash bosqichlarida ishtirok etish istagi ham pasayib borardi. Endilikda o‘quvchilar uchun har oyda turli fanlardan onlayn olimpiadalar joriy qilindi. Bu olimpiadalarda nafaqat o‘quvchining to‘plagan balli, balki vaqti ham e’tiborga olinadigan bo‘ldi. Bu narsani e’tiborga olishimizga sabab ham rivojlangan davlatlar ta’lim tizimini o‘rganishimizdan kelib chiqdi. O‘quvchi javoblarni nafaqat to‘g‘ri topishi lozim, balki tez vaqt ichida buni uddalashi kerak. Shundagina, u o‘quvchi rostdan ham iqtidorli, qolganlariga nisbatan bilimli sanaladi. Qolaversa, avval yilda bir marotaba o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda har oyda tashkil etilmoqda. Bu esa o‘quvchilar o‘rtasida raqobatni vujudga keltirib, mag‘lub o‘quvchi o‘z ustida ishlab, keyingi oydagi onlayn olimpiadada g‘olib bo‘lish uchun mehnat qiladi. Bu esa yoshlarning bilimi sezilarli darajada o‘sishiga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, o‘quvchilarga berilayotgan ta’limning sifati sizni qoniqtiryaptimi? Yana qo‘shimcha qanday taklif, fikrlaringiz bor?

– Umumiy qilib olganda, Xalq ta’limi tizimi xodimi sifatida umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, shu bilan bir qatorda o‘quvchilarning ham majburiy-ixtiyoriy mehnatlardan ozod qilingani eng katta yutuqlardan biridir. Bundan tashqari, o‘qituvchi-pedagoglarning vazifalari, qog‘ozbozlikning kamayishi ham ularning o‘z ustida ishlashlariga yo‘l ochdi. So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning nufuzi ortishi, moddiy rag‘batlantirishning turli shakllari ishlab chiqilayotgani quvonarli ish. Chunki o‘quvchiga bilimni o‘qituvchilar beradi. Shuning uchun ham, avvalo, o‘qituvchi o‘z fanini yaxshi bilishi, yetuk mutaxassis bo‘lishi lozim. Shu boisdan ham, Ta’lim nazorati inspeksiyasi tomonidan toifa-malaka testlari, attestasiyalar o‘tkazilishi o‘qituvchilarning bilim-salohiyatini aniqlash bilan birga ularni moddiy rag‘batlantirishning ortishiga ham olib kelmoqda. Shunday bo‘lsada, ta’lim tizimida kamchiliklar ham mavjud. Eng asosiylaridan biri, o‘qituvchi-pedagoglarning saviyasi, o‘z ustida ishlashi, yetuk mutaxassis bo‘lishi kerakligidir. Chunki bizni o‘quvchilar bilan bog‘lovchi ko‘prik aynan ulardir. Bu kamchiliklar yuzasidan vazirlikda amaliy ishlar olib borilmoqda. Umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining chet tilini bilish darajasi ortishi kerak. Chunki bu orqali ularning dunyoqarashi ortadi, qo‘shimcha ma’lumotlar, yangiliklarga ega bo‘ladi va o‘quvchilarga ham shu yangiliklarni yetkazadi. Shuningdek, o‘qituvchilar o‘rtasida ham olimpiadalar, turli tanlovlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Bularning barchasi o‘qituvchilar o‘z ustida ishlab, kuchli bilim egasi bo‘lishi va o‘quvchilarga ham shunga mos tarzda tahsil berishini maqsad qilganmiz.

– Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan tengdoshlaringizga tilaklaringiz, mustaqillik, erk tuyg‘ulariga qarashlaringiz bilan bo‘lishsangiz.

– Men mustaqillik farzandiman. Tinch-totuv, emin-erkin yashayotgan yurtda yashab mustaqillik haqida so‘z yuritish juda qiyin. Aytishadiku, qorani ko‘rmaguncha, oqning oqligini bilmaysan deb. Shu sababdan ham, avvalo, bu yurtda, ilm, bilimning qadriga yetadigan yurtda tug‘ilganimdan, yashayotganimdan minnatdorman, shukr qilaman. Yurtimizni rivojlantirish ham, dunyoga yaxshi nom bilan tanitish ham o‘z qo‘limizda. Buning uchun barcha o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib, Vatan uchun halol mehnat qilishi lozim. U duradgor bo‘ladimi, nonvoy yoki jurnalist. Buning ahamiyati yo‘q, eng muhimi, u o‘z kasbining chin mutaxasissi bo‘lsin. Shundagina rivojlanish bo‘ladi. O‘sib kelayotgan yosh avlodga, tengdoshlarimga Vatanimizni rivojlantirish yo‘lida charchamasliklarini, mehnatdan to‘xtamasliklarini va maqsadni katta qo‘yib amalga oshirish yo‘lida sobit turishlarini tilayman. Zero, Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessansini biz – yoshlar quramiz. Barchaga Mustaqilligimizning 30 yilligi muborak bo‘lsin!

 

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan